Volleybol sport musobaqasi g’oliblari

16 iyul kuni Siyob tibbiyot kollejining sport zalida voleybol sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 27 maydagi “O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 271-sonli qarori ijrosini ta’minlash, o‘quvchi-yoshlarni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom qilib tarbiyalash, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport harakatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini voleybol sport turi bo‘yicha malakasini oshirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada yettita jamoa o‘zaro kuch sinashib, iqtidorlariga munosib tarzda baholandilar.

Musobaqada Paxtachi tibbiyot kolleji birinchi, Ishtixon iqtisodiyot kollejining Boqon filiali ikkinchi va Paxtachi pedagogika kolleji uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

— Bugungi g‘alabadan juda quvondik, — deydi Paxtachi tibbiyot kolleji jamoasining ishtirokchisi Husanjon Ochilov. —  Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi, albatta. Buning zamirida murabbiylarimizning mashaqqatli mehnatlari yashiringan. Tengdoshlarimiz bilan bellashib, jismoniy kuchimizni sinab ko‘rdik. Bu esa, o‘z navbatida yanada shiddat bilan maqsad sari doimo olg‘a intilishimizga turtki bo‘ldi.

Musobaqa so‘ngida g‘olib bo‘lgan jamoalarga boshqarmaning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining safarbarlik ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi S.Qurbonov musobaqada ishtirok etdi.

Abdujabbor PO‘LATOV,

boshqarmaning axborot xizmati xodimi

Manbaa: samusspo.uz