Jahongirni jahon tan oldi

23 iyul1 avgust kunlari Gruziya Respublikasining Tbilisi shahrida kimyo fani bo‘yicha o‘tkazilgan 48-jahon olimpiadasida Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi 1-son akademik litseyining 3-bosqich o‘quvchisi Jahongir Faxriyev O‘zbekiston jamoasi tarkibida ishtirok etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Yurtimiz sharafini munosib himoya qila olgan Jahongir Faxriyevni kutib olish uchun Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat jamoatchiligi, o‘quvchi-yoshlar hamda ustoz-murabbiylar yig‘ildilar.

Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, xususan, nufuzli fan olimpiadalari va sport musobaqalarida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida tahsil olayotgan yigit-qizlarning muvaffaqiyatli ishtirokini e’tirof etdilar.

– Ellik yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur olimpiadaning navbatdagi uchrashuvida dunyoning 78 ta mamlakatidan 292 nafar o‘ziga ishongan, iqtidorli yoshlar qatnashdi, – deydi Jahongir. – Ochig‘i, bunday nufuzli bellashuvda yurtimiz sharafini himoya qila olganimdan, ustozlarim – Umar Haydarov hamda Maxfirat Ahmedovaning mehnatlari, yaqinlarim ishonchini oqlay olganimdan baxtiyorman. Ushbu yutug‘imni meni ardoqlab, hurmat bilan kutib olgan xalqimizga, buyuk Vatanimizga bag‘ishlayman.

Darvoqe, Jahongir joriy yilning may oyida Moskvada o‘tkazilgan 50-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida ham ishtirok etib, bronza medaliga sazovor bo‘lgandi. Uning bu g‘alabasi esa Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga test sinovlarisiz, grant asosida tahsil olish imkoniyatini berdi.

Inchunin, aynan kimyo fani bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan jahon olimpiadasidagi muvaffaqiyati bilan Jahongir viloyatimiz yoshlari orasida birinchi bo‘ldi.

– Bugun mendan baxtiyorroq ona bo‘lmasa kerak, – deydi Mavluda Rajabova. – Negaki, o‘g‘limni kutib olish, bizning quvonchimizga sherik bo‘lish uchun kelganlarning havasi, rahmatini eshitib, ko‘zimga yosh kelyapti. Bunday baxtli kunlarimiz, farzandlarimizning bekamu ko‘st ta’lim-tarbiya olishiga imkoniyat yaratib bergan Prezidentimizga rahmat aytaman.

Mazkur olimpiadada mamlakatimizdan to‘rt nafar yoshlar ishtirok etib, bitta kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdilar.

Boshqarmaning yetakchi mutaxassisi

Shodiyor XUDOYBERDIYEV

Manbaa: samusspo.uz