20 avgust kuni Samarqand pedagogika kollejida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbar va pedagog xodimlari ishtirokida an’anaviy avgust kengashining yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda viloyat hokimi Z.Mirzayev, respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi axborot metodik xizmati rahbari M.Xolmuhamedov, viloyat boshqarma boshliqlari hamda soha faxriylari ishtirok etib, yangi o‘quv yilida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bidirdilar.
«Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda 2015-2016 o‘quv yilida erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil etildi.
– O‘quv yili davomida erishilgan natijalar tizimda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rsatadi, – dedi anjumanda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Z.Mirzayev. – Lekin mavjud imkoniyatlar bu yutuqlar salmog‘ini yanada oshirish mumkinligidan dalolat beradi. Qolaversa, hali tizimda yechimini kutayotgan muammolar, alohida e’tibor talab qiladigan masalalar juda ko‘p. Jumladan, o‘quvchilarning darslardagi ishtiroki hamda o‘qituvchilarning faolligini kuchaytirish, bitiruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar ijrosini ta’minlash, chekka qishloqlardagi kollejlarda ta’lim sifatini oshirish eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash borasida ta’lim muassasalari pedagogik jamoasi ota-onalar, mahalla va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda muayyan ishlarni olib borishi zarur.
Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashevning ma’ruzasida ta’kidlanishicha, bugungi kunda viloyatimizdagi 180 ga yaqin o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida 173 ming nafardan ortiq o‘quvchi bilim olib, o‘zlari tanlagan mutaxassisliklar bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda. O‘tgan o‘quv yilida iqtidorli o‘quvchilar o‘ndan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda sovrindor bo‘ldi. Yigirma nafar sportchi yigit-qiz jahon va Osiyo birinchiliklarida muvaffaqiyat qozondi.
55 ming nafar bitiruvchi amaliyot o‘tash va keyinchalik ishga joylashish uchun viloyatdagi 19 mingdan ziyod korxonalarga to‘rt tomonlama shartnoma asosida biriktirildi. Joriy yilda viloyatdagi umumta’lim maktablari 9-sinfini bitirgan 56 ming nafar o‘quvchi akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga to‘liq qamrab olindi.
Yig‘ilishda o‘rta maxsus ta’limi tizimida faollik ko‘rsatayotgan ko‘plab xodimlarga viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
boshqarmaning axborot xizmati xodimi.
Manbaa: samusspo.uz

